O‘zbekistonda 6 mlrd dollarlik mahalliylashtirish loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 yanvar kuni sanoatni rivojlantirish hamda qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov oldiga bu boradagi vazifalarni belgilab berdi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayevga hududiy investitsiya dasturlariga kiritilgan 3 mingga yaqin loyihaning o‘z vaqtida ishga tushirilishini nazorat qilish, mavjud muammolarni joylarda tezkorlik bilan hal etish, har bir tuman va shaharga kamida 50 mln dollardan kam bo‘lmagan qo‘shimcha sarmoya jalb etilishini nazorat qilish topshirildi.
Davlat rahbari investitsiya dasturlari doirasida joriy yilda 1 mlrd dollarlik metall konstruksiya, nasoslar va sovutgich uskunalarini import qilish rejalashtirilganini aytdi. «Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun katta bozor degani emasmi? Xorijdan import qilinadigan mahsulotlarni mamlakatimizda qanday ishlab chiqarish mumkinligini tahlil qilib, mahalliylashtirish dasturini amalga oshirish kerak. Bu 1 mlrd dollarni qanday qilib o‘zimizga qoldirib, xalqimizga oylik beramiz, shu haqida», – dedi u.