07 Noyabr 2023

O‘zbekiston Prezidenti Qatarning sobiq Bosh vazirini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-noyabr kuni Qatar Davlatining sobiq Bosh vaziri, ushbu mamlakatdagi qator yirik investitsiya va sanoat xoldinglari asoschisi Hamad bin Jassim Ol Soniyni qabul qildi, deb xabar beradi davlatimiz rahbari matbuot xizmati.

Qatar delegatsiyasi oliy darajadagi kelishuvlar doirasida yurtimizda bo‘lib turibdi.

O‘zbekistonda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Buxoro shahrida zamonaviy mehmonxona majmuasi, Toshkent shahrida yirik logistika markazi, savdo va turar-joy majmuasini qurish, yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan avtomobil va temir yo‘llar infratuzilmasini barpo etish, aeroportlarni modernizatsiya qilish, shuningdek, energetika, metallurgiya, to‘qimachilik sanoati, chorvachilik, qurilish materiallarini ishlab chiqarish va boshqa loyihalar shular jumlasidan.

Ushbu loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma fond tashkil etish rejalari ham muhokama qilindi.

Loyihalar qo‘shma “yo‘l xaritasi” asosida amalga oshiriladi.