27 Mart 2024

O‘zbekiston Prezidenti AQSH parlamenti delegatsiyalarini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-mart kuni AQSHning senator Stiven Deyns hamda Vakillar palatasi qo‘mitasi raisi, kongressmen Mayk Rojers boshchiligidagi delegatsiyalarini qabul qildi, deb xabar beradi davlatimiz rahbari matbuot xizmati.

O‘zbekiston-AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlikda yuqori darajaga erishilgani, faol muloqotlar va o‘zaro tashriflar davom etayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘tgan yilning sentyabr oyida Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining “S5+1” formatidagi birinchi sammiti hamda samarali ishbilarmonlik uchrashuvlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbari parlamentlararo aloqalarni, shu jumladan AQSH Kongressida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus ishini yuqori baholadi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi oshib bormoqda, 2023-yil yakunida u 30 foizga oshdi. O‘zbekiston bozorida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan AQSH kompaniyalari soni ortmoqda. Misol tariqasida mamlakatimizda qiymati 10 milliard dollardan ziyod bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan “Air Products” kompaniyasining faoliyati qayd etildi.

Amerikalik qonun chiqaruvchilar vakillik qilayotgan Montana, Alabama, Vashington, Kaliforniya va Texas shtatlari bilan faol amaliy hamkorlikni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.

Ta’lim, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar, tog‘-kon sanoati, “yashil” energetika, farmatsevtika, oziq-ovqat tarmog‘i va boshqa sohalar kooperatsiya uchun istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.

AQSH hududlari biznesining O‘zbekistonga safarlarini tashkil etishga kelishib olindi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi.