17 Oktyabr 2023

O‘zbekiston Prezidenti Xitoyning yetakchi “Amer International” kompaniyasi raisini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-oktabr kuni Pekin shahriga amaliy tashrif doirasida o‘ziga ajratilgan qarorgohda “Amer International” industrial-sanoat xoldingi raisi Van Veninni qabul qildi, deb xabar beradi davlatimiz rahbari matbuot xizmati.

Xitoyning yetakchi konglomeratlaridan biri bo‘lgan “Amer International” yuksak texnologiyalar, elektronika, yarimo‘tkazgichlar sanoati, konchilik va qayta ishlash tarmoqlaridagi loyihalar bilan shug‘ullanadi. Kompaniya “Fortune 500” global reytingiga kirgan. Xitoyda va uning tashqarisida umumiy qiymati 60 milliard dollardan ziyod bo‘lgan loyihalarni amalga oshirmoqda.

Van Venin O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar dasturi xorijiy, shu jumladan Xitoy kompaniyalari uchun qulay sharoit yaratayotgani va keng imkoniyatlar ochayotganini ta’kidladi.

Kompaniya mamlakatimizga Markaziy Osiyo mintaqasidagi biznesining bosh yo‘nalishi sifatida qarayotgani qayd etildi.

Misni chuqur qayta ishlash va undan yuqori qo‘shilgan qiymatli innovatsion va xaridorgir mahsulotlar, shu jumladan elektrotexnika, elektromobillar uchun akkumulator batareyalari, mikroelektronika va yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish bo‘yicha istiqbolli loyihalar muhokama qilindi. 

“Amer International” kompaniyasi raisi Xorijiy investorlar kengashi faoliyatida ishtirok etishi, mamlakatimizda mintaqaviy ofis ochish hamda qo‘shma innovatsion loyihalarni tezlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.