O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Moskva shahrida kuzatuvchi davlat rahbari sifatida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yubiley majlisida ishtirok etdi, deb xabar beradi davlatimiz rahbari matbuot xizmati.
Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan raisligida o‘tgan uchrashuvda Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, kuzatuvchi davlat rahbari sifatida Kuba Respublikasi Prezidenti Migel Dias-Kanel, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi hay’ati raisi Bakitjan Sagintayev hamda mehmon sifatida MDH bosh kotibi Sergey Lebedev qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma dasturlarni amalga oshirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida Vladimir Putinni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti lavozimiga kirishgani bilan tabrikladi. Yig‘ilishning barcha ishtirokchilarini Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 79 yilligi va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi ta’sis etilganining o‘n yilligi bilan qutladi.
O‘zbekiston yetakchisi bugungi sharoitda mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy aloqalarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ilgari surish va to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar o‘sishi uchun sharoit yaratish birinchi darajali ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
O‘tgan oyda Toshkentda muvaffaqiyatli o‘tgan “Innoprom” an’anaviy xalqaro ko‘rgazmasi shunday hamkorlikka ijobiy misol sifatida qayd etildi.
– Bugun ushbu forum O‘zbekistonning Rossiya va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi boshqa davlatlar bilan biznes muloqotini rivojlantirish uchun samarali platformaga aylandi, – dedi Prezident.
Ushbu maydonni kengaytirish, boshqa hamkor mamlakatlar, shu jumladan Kuba, Eron, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari, Mo‘g‘uliston, Vetnam va Indoneziya kabi davlatlardan ham kompaniyalarni jalb qilish niyati bildirildi.
O‘zbekistonning kuzatuvchi sifatida YOII bilan hamkorligi haqida so‘z yuritar ekan, davlatimiz rahbari o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi, eng avvalo, sanoat mahsulotlarini yetkazib berishni ko‘paytirish hisobidan oshganini ta’kidladi. Shu bilan birga, o‘zaro hisob-kitoblarni milliy valyutalarda amalga oshirish ulushi ortmoqda.
Mingdan ziyod qo‘shma korxona va loyihalar ishga tushirildi. Yuk tashish hajmi o‘smoqda, muntazam aviaqatnovlar soni ikki barobarga ko‘paydi.
Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan birgalikda Yuqori darajadagi ishchi guruhning uchta yig‘ilishi o‘tkazildi, Qo‘shma rejadagi barcha tadbirlar to‘liq hajmda amalga oshirildi.
O‘zbekiston savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, elektron tijorat, iqlim kun tartibiga oid loyiha va dasturlarga qo‘shildi.
Davlatimiz rahbari Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga alohida to‘xtaldi.
Mamlakatimiz amaliy hamkorlikni kengaytirib, YOIIni rivojlantirish bo‘yicha strategik yo‘nalishlar doirasidagi sohaviy sheriklikning ko‘p tomonlama loyihalarini amalga oshirishda yanada faol ishtirok etishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi o‘rtasida o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlarning yangi kompleks rejasini tayyorlash taklif qilindi.
– Ishonamizki, kuzatuvchi davlatlarning loyihalarda to‘laqonli ishtirok etishi masalalarini tartibga soladigan mexanizmning tez fursatda qabul qilinishi ushbu hujjatning samarali amalga oshirilishiga xizmat qiladi, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.
YOII mamlakatlari bilan savdodagi to‘siq va cheklovlarni o‘zaro bartaraf etishga tayyorlik bildirildi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston 2009-yildagi Tovarlarning kelib chiqish mamlakatini aniqlash qoidalariga qo‘shilish jarayonini boshladi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bojxona chegaralari orqali harakatlanayotgan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron almashish, sanitariya, fitosanitariya va veterinariya nazorati axborot tizimlarini integratsiya qilish, texnik tartibga solish choralarini birxillashtirish rejasini qabul qilish va elektron sertifikatlashtirish bu borada aniq amaliy qadamlar bo‘ladi.
“Shimol-Janub” transport yo‘lagini Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq mamlakatlari bozorlariga chiqadigan qilib rivojlantirish bo‘yicha yaqin muloqotni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Shu ma’noda, aprel oyi oxirida Termiz shahrida o‘tgan “Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” multimodal yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha transport idoralari rahbarlarining birinchi uchrashuvi samarali yakunlari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tranzit tartibotlarini soddalashtirish maqsadida bugungi kunda joriy qilinayotgan YEOII bojxona tranziti yagona tizimi bilan raqamli hamkorlik bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish taklif etildi.
Davlatimiz rahbari sanoat kooperatsiyasi loyihalarini va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratdi.
Bu borada alohida “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish, unda mamlakatlarimiz hududlarida hamkorlikda tashkil etilayotgan sanoat zonalari va texnoparklarda yangi quvvatlarni joylashtirishni nazarda tutish taklif qilindi.
– Bunday loyihalarga tadbirkorlarni keng jalb qilish masalalari shu yili Samarqandda o‘tadigan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va YEOII Ishbilarmonlar kengashining birinchi uchrashuvida ko‘rib chiqilishi mumkin, – dedi Prezidentimiz.
Shuningdek, birlashma doirasidagi sanoat kooperatsiyasi dasturlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus mexanizm imkoniyatlaridan foydalanish niyati bildirildi.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi organlari bilan quyidagi muhim yo‘nalishlardagi hamkorlikni kengaytirish zarurligini qayd etdi:
– Yevroosiyo Agroekspressini rivojlantirish, “yashil” va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, qo‘shma agrosanoat klasterlari va logistika markazlarini tashkil etish;
– iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini yengib o‘tishda umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish va yaqindan hamkorlik qilish. Tegishli Ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishlaridan birini O‘zbekistonda o‘tkazish taklif qilindi;
– mamlakatlarimizda mehnat migrantlari faoliyati uchun qulay sharoitlarni shakllantirish va ijtimoiy kafolatlar yaratish, shu jumladan raqamli platformalardan foydalanish orqali;
– turizm almashinuvini tubdan oshirishga qaratilgan birgalikdagi turizm dasturlari va mahsulotlarini ishlab chiqish.