16 Noyabr 2022

O‘zbekiston Prezidenti «ACWA Power» kompaniyasi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-noyabr kuni Xorijiy investorlar kengashining birinchi yig‘ilishi doirasida ACWA Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abdulla Abunayyan bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Amaldagi loyihalarni amalga oshirish masalalari va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari kompaniyaning mamlakatimizning turli hududlarida energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yaratish loyihalarini ilgari surishdagi hissasini yuqori baholadi.

Korxona investitsiyalerini vodorod energetikasini rivojlantirish, shamol stansiyalari qurish, xorijlik mutaxassislar ishtirokida yuqori malakali milliy kadrlar tayyorlashga jalb etish muhimligi ta’kidlandi.

Muhammad Abdulla Abunayyan kompaniya O‘zbekiston bilan uzoq muddatli va keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga, shuningdek, kelasi yilning birinchi choragida Toshkent shahrida O‘zbekiston-Saudiya ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazishda faol ishtirok etishga tayyorligini tasdiqladi.