O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ko‘magida mamlakatimiz elektrotexnika tarmog‘i o‘z salohiyatini Dyusseldorf shahrida namoyish etdi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati. Shu yilning 13–17-aprel kunlari bo‘lib o‘tgan «Wire & Tube Düsseldorf 2026» xalqaro ko‘rgazmasida yurtimiz mahsulotlari «Made in Uzbekistan» milliy stendida taqdim etildi. Tadbir doirasida Yevropa va Amerikaning kompaniyalari bilan samarali B2B uchrashuvlar o‘tkazildi.
Xususan, «HV Cable Solutions» kompaniyasi bilan kechgan muzokaralar natijasida kabel mahsulotlarining tajriba partiyalarini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishildi va mahsulotlarning xalqaro standartlarga to‘liq mosligi tasdiqlandi. Germaniyaning «Starofit» kompaniyasi bilan esa O‘zbekistonda mis quvurlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish istiqbollari muhokama qilindi. «CzechTrade» agentligi bilan muloqot GSP+ preferensiyalar tizimidan foydalangan holda Yevropa Ittifoqi bozorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishning yangi imkoniyatlarini ochib berdi.
Ko‘rgazmaning eng muhim natijasi sifatida 2026-yil uchun umumiy qiymati 20 million dollarni tashkil etuvchi eksport shartnomalari imzolandi. Eng yirik bitimlar «Metsol» MCHJ va Sloveniyaning «Zikas» kompaniyasi hamda «Metal Processing Technology» MCHJ va germaniyalik hamkorlar o‘rtasida tuzildi.
Shuningdek, «Sharq Tubes» va «Artikul Aziya Kabel» korxonalari Germaniya va Avstriya kompaniyalari bilan hamkorlik hujjatlarini imzolab, erishilgan muvaffaqiyatni yanada mustahkamladi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi milliy mahsulotlarimizni jahon bozorlarida faol targ‘ib qilish borasidagi tizimli ishlarini davom ettirmoqda.