27 fevral 2023

Sirdaryo viloyati va Xitoyning Shensi provinsiyasi o‘rtasidagi hamkorlik kengaymoqda

Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Mahmudaliyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Yangling shahrida (Xitoyning Shansi provinsiyasi, Shensi) bo‘lib o‘tgan Shensi-Sirdaryo savdo-iqtisodiy hamkorlik biznes-forumida ishtirok etdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Forumda O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti, mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, Sirdaryo viloyatida xorijiy investorlar uchun yaratilgan kafolatlar, imtiyoz va preferensiyalar haqida ma’lumotlar berildi.

G2B-uchrashuvlari ham tashkil etilib, o‘zaro manfaatli takliflar ko‘rib chiqildi. Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsiyalar, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va boshqa sohalardagi amaliy aloqalarni kengaytirishdan tomonlar birdek manfaatdor ekani qayd etildi. Yangi imkoniyatlar, hamkorlik aloqalarini istiqbolli tashabbus va loyihalar bilan boyitish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Forum yakunlari boʻyicha zamonaviy qishloq xoʻjaligi sohasidagi “Yangling” xalqaro hamkorlik kompaniyasi va Sirdaryo viloyatidagi Peng Sheng sanoat parki oʻrtasida goʻsht va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga investitsiyalarni jalb etish boʻyicha shartnoma imzolandi, shuningdek, Guliston davlat universiteti va Yangling professional texnologiyalar universiteti oʻrtasida Sirdaryo viloyati, Xitoyning Wenzhou Xinshen kompaniyasi va Yangling transchegaraviy logistika kompaniyalari oʻrtasida xalqaro hamkorlik sohasida uch tomonlama hamkorlik qilish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.