29 Aprel 2024

Geologiya va kon-metallurgiya sohalaridagi rejalar ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-aprel kuni geologiya va kon-metallurgiya sohalaridagi vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar beradi davlatimiz rahbari matbuot xizmati.

Mamlakatimizda geologiya sohasiga har yili 1 trillion so‘mdan mablag‘ ajratilib, manzilli dasturlar amalga oshirilmoqda. Natijada o‘tgan yili tog‘-kon sanoatida ishlab chiqarish hajmi qariyb 11 milliard dollarga yetdi.

Lekin bu, asosan, qimmatbaho va rangli metallar yo‘nalishida bo‘lib, sanoat uchun muhim minerallar bo‘yicha foydalanilmagan juda katta zaxira mavjud. Xususan, yurtimizda 32 turdagi shunday qazilma boyliklari bor.

Shu bois 15-yanvar kuni o‘tgan taqdimotda davlatimiz rahbari bu yo‘nalishdagi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Bugungi yig‘ilishda shu borada boshlangan ishlar, reja va takliflar ko‘rib chiqildi.

Bugun jahonda texnologik vaziyat tez o‘zgarayapti. Elektromobil, “yashil” energetika, elektrotexnika sanoatida kamyob metallarga talab tobora ortib bormoqda. Shuning uchun so‘nggi yillarda jahon bozorida molibden, tellur, selen, grafit narxlari keskin oshgan.

Prezidentimiz bu sohadagi ulkan imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi. Sanoat uchun muhim minerallar xomashyosi hamda ularning turini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Hozirda yurtimizda 6 turdagi shunday mahsulot ishlab chiqariladi. Bunga qo‘shimcha platina, indiy, vanadiy metallari hamda volfram, molibden, rux, marganes kabi minerallardan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar olish imkoniyati bor. Masalan, avvallari o‘zimizda bo‘lmagan kukun metallurgiyasida yiliga 300 million dollarlik, uskunalar va butlovchi qismlar yo‘nalishida 100 million dollarlik qiymat yaratish mumkin.

Yaqinda Yevropa Ittifoqi bilan muhim minerallar bo‘yicha erishilgan kelishuv bu borada katta bozor ochadi.

Shulardan kelib chiqib, mutasaddilarga xorijiy ekspert va investorlar ishtirokida kamyob metallar bo‘yicha 500 million dollarlik istiqbolli loyihalar dasturini shakllantirish topshirildi. Bu yo‘nalishni ilm bilan rivojlantirish, shu maqsadda loyiha ofisi tashkil etib, yetakchi institut va ilmiy markazlarni jalb qilish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida qimmatbaho metallar zaxirasini ko‘paytirish rejalari ham ko‘rib chiqildi.

Mutasaddilar oltin zaxirasini va ishlab chiqarish hajmini oshirish imkoniyatlari haqida axborot berdi.

Prezidentimiz kombinatda ishlab chiqarish tannarxini 10-15 foizga pasaytirish, sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish qamrovini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Qimmatbaho metallar sohasida Ilg‘or texnologiyalar ilmiy markazini tashkil qilish vazifasi qo‘yildi.