05 Dekabr 2023

S&P O‘zbekiston reytingini barqaror prognoz bilan “BB-” darajasida tasdiqladi

S&P Global Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning xorijiy valyutadagi suveren kredit reytingini barqaror prognoz bilan “VV-” darajasida tasdiqladi, deyiladi agentlik matbuot xizmati xabarida, deb xabar beradi «Gazeta.uz» muxbiri.

Milliy valyutada reyting “B” darajasida tasdiqlandi.

“Barqaror prognoz bizning quyidagi kutilmalarimizni aks ettiradi: O‘zbekistonning fiskal va tashqi zaxiralar bo‘yicha nisbatan mustahkam o‘rni, shuningdek, past foiz yuki mamlakat iqtisodiyotiga Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroning mumkin bo‘lgan salbiy makroiqtisodiy oqibatlariga qarshi turishga yordam beradi”, — deya tushuntirgan agentlik.

Agentlik 2023-yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotining real o‘sishi 5,6 foiz, ish haqi va ijtimoiy xarajatlarning oshishi hisobiga budjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,5 foizni tashkil etishini prognoz qilmoqda.

S&P, shuningdek, 2022-yilgi eng yuqori ko‘rsatkichdan tushgan hajmlarga qaramay, Rossiya mamlakatga pul o‘tkazmalarining eng yirik manbai bo‘lib qolayotganini ta’kidlagan.

Agentlikka ko‘ra, AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan Rossiya bilan biznes yurituvchi o‘zbek kompaniyalariga nisbatan ikkilamchi sanksiyalar qo‘llanilishi xavfi nisbatan pastligicha qolmoqda.