22 Sentyabr 2023

Koreya Respublikasi biznes vakillari va agentliklari bilan yangi loyihalar amalga oshiriladi

Amaliy tashrif bilan Seul shahrida bo‘lib turgan Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar beradi O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.

Koreya-O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi raisi birinchi o‘rinbosari Kim Chang Keon bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy almashinuv va investitsiyaviy faoliyat rivojlanib borayotgani, hamkorlik yangi pog‘onaga ko‘tarilgani alohida qayd etildi. 

Investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash, Koreya Respublikasining yetakchi kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar natijasida O‘zbekiston mahsulotlarini Koreya Respublikasiga eksport qilishga xizmat qiladigan O‘zbekiston-Koreya qo‘shma transport-logistika kompaniyalarini tashkil etish, audio va video texnika, shuningdek, videokuzatuv tizimlari ishlab chiqarish hamda chiqindi poligonlari negizida qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash majmuasini yaratish kabi loyihalarni ko‘rib chiqish va ularni tayyorlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) prezidenti Chang Von Sam bilan o‘tkazilgan uchrashuvda birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar, ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirishga qaratilgan yangi imkoniyatlar muhokama qilindi.

Maʼlumot o‘rnida aytish joiz, O‘zbekiston KOICAning dunyo bo‘ylab beshta yirik hamkorlaridan biri bo‘lib, mintaqadagi strategik muhim hamkor hisoblanadi.

Ayni paytda mazkur agenlik tomonidan O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirishda 140 mln dollardan ortiq moliyaviy, texnik va grant yordami ko‘rsatilgan.

Oliy Majlisda “elektron parlament” tizimini joriy etish loyihasini amalga oshirishda KOICA bilan hamkorlik faol rivojlanmoqda.

Global Yashil o‘sish instituti (GGGI) tomonidan KOICA bilan birgalikda Orol dengizi mintaqasi ekotizimini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan umumiy qiymati 5,9 mln dollar bo‘lgan loyiha amalga oshirilmoqda. Shu maʼnoda Koreyaning ilg‘or tajribasi va ekologik muammolarni hal etishdagi amaliy muvaffaqiyatlarini inobatga olgan holda, iqlim o‘zgarishi jarayonlarini jilovlash va “yashil” texnologiyalar bo‘yicha hamkorlikni yana-da kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston juda tez surʼatlar bilan rivojlanayotgani va turli loyihalarni amalga oshirish zarurati yuzaga kelayotgani alohida taʼkidlanib, sog‘liqni saqlash, taʼlim, axborot texnologiyalari, kommunal xo‘jalik, qishloq va suv xo‘jaligi, energetika, transport va boshqa sohalardagi loyihalarni ilgari surish orqali keng qamrovli va ko‘p tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirishga kelishib olindi.