03 Oktyabr 2022

Janubiy Koreya biznes vakillari bilan Nurafshon shahrining ishbilarmonlik qismida ko‘p qavatli uylar va mehmonxonalar qurish hamda “Smart Medical Cluster City” loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Mamlakatimizga tashrif buyurgan Janubiy Koreyaning yirik qurilish kompaniyalaridan biri “Hanshin Engineering & Construction” boshqaruvi raisi Choy Yong Son boshchiligidagi vakillik delegatsiyasi Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.


O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi xabariga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida 5-10-sentabr kunlari Toshkent viloyati hokimining Janubiy Koreyaning yetakchi korxonalari rahbarlari bilan uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, Nurafshon shahrining ishbilarmonlik qismida ko‘p qavatli uylar, mehmonxonalar, savdo ob’ektlari qurilishi hamda Toshkent viloyatida “Smart Medical Cluster City” zamonaviy loyihasini amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Janubiy koreyalik investorlar qurilish, logistika va turizm sohalarida hamkorlik loyihalarini taqdim etdilar. Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etish boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Loyihalarni to‘liq va sifatli amalga oshirish maqsadida ishchi guruh tashkil etish masalalari ham alohida ko‘rib chiqildi.