O‘zbekiston diplomatlari «Dubai Holding» kompaniyasi bosh direktori Amit Kaushal bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston va «Dubai Holding» o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, xususan, ko‘chmas mulk va turizm infratuzilmasi sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, shaharsozlikka zamonaviy yondashuvlar, shuningdek, ko‘chmas mulk va turizm infratuzilmasini rivojlantirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi. «Yangi Toshkent» hududida shakllantirilayotgan zamonaviy infratuzilma va investitsiya loyihalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistonda turizm sohasining jadal rivojlanayotgani va xorijiy sayyohlar oqimining barqaror o‘sib borayotgani zamonaviy mehmonxona, savdo-ko‘ngilochar va servis infratuzilmasini yanada kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlik imkoniyatlarini yanada o‘rganish va o‘zaro manfaatli aloqalarni izchil rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
«Dubai Holding» — faoliyati Dubay amirligi iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish va uzoq muddatli barqaror o‘sishni ta’minlashga qaratilgan eng yirik investitsiya xoldinglaridan biridir. Kompaniya 2004-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda 30 dan ortiq mamlakatda investitsiyaviy va operatsion faoliyatni amalga oshiradi hamda 45 mingdan ortiq xodimni birlashtiradi.
Xolding portfeli ko‘chmas mulk, mehmonxona biznesi, dam olish va ko‘ngilochar industriyasi, media, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, dizayn, ta’lim, chakana savdo, ishlab chiqarish va logistika, shuningdek, fan kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi. Kompaniya portfelidagi aktivlarning umumiy qiymati 137 milliard dollarni tashkil etadi.
Kompaniya Dubayning «Madinat Jumeirah», «Jumeirah Beach Residence», «City Walk», «Bluewaters», «Dubai Hills Estate», «Jumeira Bay», «Palm Jumeirah», «Palm Jebel Ali» va «Meydan» kabi eng yirik va mashhur loyihalarining bir qatoriga aloqador.
«Dubai Holding» portfeliga kiruvchi «Jumeirah» brendi Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyoning qator mamlakatlaridagi yuqori toifadagi mehmonxonalar va kurortlarni boshqaradi. Brend obyektlari London, Parij, Jeneva, Kapri va Maldiv orollari kabi yirik xalqaro turizm yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi.