10 oktabr 2023

Shahrisabz 2024-yilda IHT turizm poytaxti sifatida e’lon qilindi

O‘zbekistonning Erondagi elchisi Bahodir Abdullayev joriy yilning 5-oktabr kuni Ardabil shahrida (Eron) bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga (IHT) a’zo davlatlar turizm vazirlarining 5-yig‘ilishida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri. 

Tadbir yakunida O‘zbekiston bilan bog‘liq fikrlarni o‘z ichiga olgan Ardabil deklaratsiyasi qabul qilindi.

Unda, xususan, 2022-yil 13-dekabrda O‘zbekiston raisligida bo‘lib o‘tgan IHTga a’zo davlatlar turizm vazirlarining 4-yig‘ilishi doirasida qabul qilingan hujjatlar va COVID-19 pandemiyasidan so’ng IHTda turizm sohasini xavfsiz va barqaror rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirishning ijobiy natijalari qayd etilgan. 

Bundan tashqari, O‘zbekistonning Shahrisabz shahri 2024-yilda EKO turizm poytaxti etib saylandi.

O‘zbekistonga Jahon sayyohlik tashkilotining (UNWTO) 25-sessiyasini 2023-yilda Samarqandda o‘tkazish tashabbusi uchun ham minnatdorchilik bildirildi. Bu, shubhasiz, nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa uchun qulay imkoniyat ekani alohida ta’kidlandi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston elchisi Ardabil gubernatori Seyid Hamed Ameli bilan uchrashdi. Uchrashuvda oliy darajadagi muloqotlar chogʻida erishilgan kelishuvlar, xususan, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 18-iyun kuni Tehronga rasmiy tashrifi va Eron Islom Respublikasi Ibrohim Raisi 2022-yil 14-16-sentabr kunlari Samarqandga rasmiy tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlar ijrosini taʼminlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. Ardabil va Shahrisabz o‘rtasidagi tarixiy aloqalar qayd etilib, bu shaharlar o‘rtasida qardoshlik aloqalarini o‘rnatish, ular o‘rtasida iqtisodiy, turizm va madaniy hamkorlikni rivojlantirish taklif etildi. Oʻzbekiston viloyatlari va Ardabil shahri oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish masalasi ham muhokama qilindi.

Oʻzbekiston elchisi, shuningdek, Eronning “Rahan Sazeh Consulting Engineers”, “Proheal” kompaniyalari va bir qator sayyohlik tuzilmalari rahbariyati bilan uchrashdi.

Uchrashuvlar davomida Eronning turizm sohasi vakillari investitsiya forumiga, jumladan, Jahon sayyohlik tashkilotining (UNWTO) 25-sessiyasi doirasida 2023-yil 16-20-oktabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlarga taklif etildi.