14 Noyabr 2019

O‘zbekiston Prezidenti Osiyo taraqqiyot banki delegasiyasini qabul qildi

13 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturining vazirlar darajasidagi konferensiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Takexiko Nakao boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi.

Bugungi kunda ikki tomonlama hamkorlik yurtimiz iqtisodiyotining barcha ustuvor tarmoqlarini qamrab olgan holda amalga oshirilgan va davom etayotgan, umumiy qiymati qariyb 8 milliard dollarlik 60 dan ziyod loyihani o‘z ichiga oladi. Bankning 2019-2023 yillarda O‘zbekiston bilan sheriklikni kengaytirish bo‘yicha moliyalashtirish hajmi 5 milliard dollardan oshadigan yangi strategiyasi qabul qilindi.

Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikning istiqbollari har tomonlama ko‘rib chiqildi. Mamlakatimizda irrigasiya-drenaj va avtomobil’ yo‘llari infratuzilmasini modernizasiya qilish, jumladan, boshqaruv tizimini takomillashtirish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish, kadrlar tayyorlash va boshqa masalalarga doir uzoq muddatli strategik va dasturiy hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga e’tibor qaratildi.

Mintaqaviy miqyosdagi, avvalo, transport yo‘laklarini rivojlantirish, energetika infratuzilmasini modernizasiya qilish, ekologik muammolarni hal etish bo‘yicha loyihalarni ilgari surish ustuvor ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Osiyo taraqqiyot banki rahbari O‘zbekiston bilan hamkorlikning bugungi darajasi va samaradorligini yuksak baholadi, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi.

Takexiko Nakao yurtimizning barqaror taraqqiyoti va ravnaqi yo‘lidagi maqsad va vazifalarga erishishda bank bundan buyon ham asosiy sherik bo‘lib qolish istagidaligini bildirdi.