22 Iyul 2023

Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon bilan investitsiya fondini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimni tasdiqladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon bilan investitsiya fondini tashkil etish boʻyicha xalqaro shartnomani tasdiqladi, deb xabar beradi Spot. Hujjat Lex.uz’da e’lon qilindi.

Qarorga muvofiq, mazkur hujjat ijrosini ta’minlash bo‘yicha mas’ul organ sifatida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) tayinlandi.

ISSV rahbari va Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ijrochi direktori Shuhrat Vafayev O‘zbekiston-Ozarbayjon investitsiya fondi direktorlar kengashi tarkibiga kiradi.

Jamg‘arma kapitalidagi O‘zbekistonning ulushi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Ikki oy muddatda ISSVga mamlakatimizning joriy yilgi davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonunga oʻzgartirishlar kiritish topshirildi.

24-fevral kuni Toshkentda boʻlib oʻtgan ikki tomonlama mintaqalararo forumda tomonlar qoʻshma loyihalarni moliyalashtirish uchun ustav kapitali 500 million dollar boʻlgan qoʻshma investitsiya fondini tashkil etish toʻgʻrisida bitim imzoladi. Bundan tashqari, ayni forumda Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish boʻyicha kelishib olindi. Buning uchun, xususan, talab qilinadigan mahsulotlarni oʻzaro yetkazib berishni koʻpaytirish, toʻgʻridan-toʻgʻri ishbilarmonlik aloqalari uchun platformalar yaratish rejalashtirilgan.