27 Noyabr 2023

SOCAR Qashqadaryoda kimyoviy va neft-gaz uskunalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi

Ozarbayjonning “SOCAR” davlat neft kompaniyasi O‘zbekistonda burg‘ilash suyuqliklarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi, deb xabar beradi Spot, “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi matbuot xizmatiga tayanib. 

Kompaniya Qashqadaryo viloyatida kimyoviy reagentlar va neft-gaz uskunalari ishlab chiqarishni o‘zlashtirish loyihasini amalga oshirmoqda.

Uning doirasida import hisobiga sotib olinayotgan kimyoviy moddalar, burg‘ilash suyuqliklarini mamlakatda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, konlarni o‘zlashtirish va burg‘ilashda keng qo‘llaniladigan uskunalar, burg‘ilash va sementlash suyuqliklari uchun butlovchi qismlarni saqlash, tarqatish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishni o‘zlashtirish ishlari olib boriladi.

Shuningdek, “SOCAR»ning “Neftgaz” ilmiy tadqiqot loyiha instituti (ITLI) O‘zbekistonda burg‘ilash va sement shlamlarini o‘rganish maqsadida laboratoriya qurishni rejalashtirmoqda.

Muzokaralar yakunida qo‘shma ishchi guruh a’zolari loyihani amalga oshirishning keyingi bosqichlariga oid masalalarni kelishib oldi.

Joriy yilning may oyida kompaniyaning “O‘zbekneftgaz” bilan “SOCAR Trading” qo‘shma korxonasini tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani ma’lum qilingandi.