Joriy yilning 21-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazida BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasida davlat moliyasini boshqarishni takomillashtirish: islohotlar, innovatsiyalar va barqaror rivojlanish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi.
Anjuman davlat moliyasini boshqarish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni ilmiy va amaliy jihatdan muhokama qilish, milliy hamda xalqaro tajriba almashuvini kengaytirish, shuningdek, sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-amaliy takliflarni ishlab chiqish maqsadida tashkil etildi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fazilkarimov, BMTTDning Oʻzbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Anas Fayyad Qarman hamda BMTTDning Istanbuldagi mintaqaviy markazida Taraqqiyot uchun davlat moliyasi dasturi rahbari Viktoriya Mlinarchikova kirish soʻzlari bilan ochib berdilar.
Yalpi majlisda taqdimotlarda O‘zbekistonda davlat moliyasini boshqarish tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy xalqaro tendensiyalar, yashil moliyalashtirish, xavflarni boshqarish, ichki nazorat va ichki audit, yashil va genderga yoʻnaltirilgan budjetlashtirish, davlat xizmati va davlat moliyasida sunʼiy intellektdan foydalanish hamda davlat xarajatlari samaradorligini baholash masalalari yoritildi.
Anjuman anʼanaviy va onlayn shaklda oʻtkazilib, unda davlat organlari va xalqaro tashkilotlar vakillari, mahalliy va xorijiy ekspertlar, oliy taʼlim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar hamda amaliyotchi mutaxassislar ishtirok etdilar.
Kunning ikkinchi yarmida anjuman ishi toʻrtta sho‘ba doirasida davom etdi. Ularda davlat moliyasini boshqarishda tizimli islohotlar, raqamli transformatsiya va sunʼiy intellekt texnologiyalari; yashil iqtisodiyot va barqaror moliyaviy siyosat; genderga yo‘naltirilgan budjetlashtirish; budjet hisobi hamda davlat sektorida ichki audit va ichki nazorat tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Muhokama va savol-javoblar davomida ishtirokchilar davlat moliyasini boshqarishning dolzarb yoʻnalishlari yuzasidan fikr almashib, ilmiy asoslangan yondashuvlar va amaliy takliflarni ilgari surdilar.
Anjuman, shuningdek, davlat moliyasini boshqarish sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlarning kasbiy va institutsional salohiyatini mustahkamlash, ilg‘or xorijiy tajriba hamda zamonaviy yondashuvlarni amaliyotga joriy etish, budjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligi, shaffoflik va hisobdorlikni yanada oshirish maqsadlariga xizmat qildi.