29-sentabr kuni Toshkent shahrida Global Gateway tashabbusi doirasida investitsiyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi Ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati. Unga Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev hamda DG INTPA direktori Peteris Ustubs hamraislik qildi.
Uchrashuvning asosiy e’tibori Yevropa Ittifoqi tomonidan 2025-yil aprel oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan sammitda Markaziy Osiyo uchun e’lon qilingan 12 mlrd yevrolik Global Gateway investitsiya paketini amaliy amalga oshirishga qaratildi.
Tomonlar energetika, suv xo‘jaligi, transport va raqamli o‘zaro bog‘liqlik, iqlim hamda muhim xomashyo materiallari sohalaridagi qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalarini muhokama qildilar. Yevropa moliya institutlari, taraqqiyot institutlari va xususiy kapitalni jalb etishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqining grant va texnik ko‘magini, jumladan, 2028–2034-yillarga mo‘ljallangan moliyaviy dasturlar doirasida kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida Ishchi guruhni investitsiya tashabbuslarini muvofiqlashtirish, qo‘shma loyihalar portfelini shakllantirish va aniq loyihalarni ilgari surish bo‘yicha doimiy platforma sifatida rivojlantirishga tayyorlik tasdiqlandi.