17 noyabr 2026

Oʻzbekiston va Oʻmon yetakchilarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi

Rasmiy kutib olish marosimidan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Oʻmon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Said “Al-Aʼlam” saroyida uchrashuv oʻtkazdilar, deb xabar bermoqda davlatimiz rahbari matbuot xizmati.

Oʻmon Sultoni davlatimiz rahbarini samimiy qutlab, mazkur tashrif ikki mamlakat xalqlari manfaatlariga xizmat qilishini taʼkidladi.

Prezidentimiz yuksak ehtirom va mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik izhor etib, tashrif oʻzaro munosabatlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqish yoʻlida muhim qadam boʻlishiga ishonch bildirdi.

Oʻzbekiston va Oʻmon oʻrtasidagi munosabatlar keyingi yillarda faol rivojlanib, siyosiy muloqot mustahkamlanayotgani, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar izchil kengayib borayotgani qayd etildi.