23 oktabr 2024

Oʻzbekiston va Qozogʻiston tadbirkorlarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi

Joriy yilning 22-oktabr kuni Samarqand shahrida boʻlib oʻtayotgan Oʻzbekiston-Qozogʻiston hududlararo forumi doirasida Oʻzbekiston va Qozogʻiston tadbirkorlarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati. Delegatsiyalar tarkibida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Qozog‘iston Respublikasi savdo va integratsiya vaziri Arman Shaqqaliev, vazirliklar, idoralar, viloyatlar hokimliklari hamda ikki davlatning 200 dan ortiq yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Laziz Kudratov oʻz qutlov nutqida Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi anʼanaviy yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro hamjihatlik va strategik sheriklik munosabatlari ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarga ijobiy taʼsir koʻrsatayotganini alohida taʼkidladi.

So‘nggi yetti yil ichida tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard dollardan 2023-yilda 4,4 milliard dollarga o‘sdi. Joriy yilning 9 oyida bu koʻrsatkich 3 milliard dollarni tashkil etdi. Oʻzbekistonda Qozogʻiston kapitali ishtirokida oziq-ovqat va toʻqimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari qayta ishlash va ishlab chiqarish va boshqa sohalarda 1100 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda.

Ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni hududlararo darajada rivojlantirish muhimligi qayd etildi. Qishloq xo‘jaligi va agrosanoat tarmog‘i, to‘qimachilik mahsulotlari va xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish, tajriba va texnologiyalar almashinuvi istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilandi. Sirdaryo viloyatida “Markaziy Osiyo” sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani munosabati bilan tadbirkorlar uchun katta imkoniyatlar ochilmoqda.

Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi loyihalarni amalga oshirishning barcha bosqichlarida har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirdi.

O‘z navbatida Qozog‘iston Respublikasi Savdo va integratsiya vaziri Arman Shaqqaliev hududlararo hamkorlikning o‘zaro rivojlanishini, xususan, Forum arafasida tadbirkorlarning ikki mamlakat hamkor hududlariga o‘zaro tashriflari natijalarini yuqori baholadi va tadbirkorlarni faol hamkorlikka chaqirdi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va Qozogʻiston hududlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni yaxshilash, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va oʻzaro tayyor mahsulot yetkazib berish hajmini oshirishga qaratilgan 33 ta bitim imzolash marosimi hamda B2B muzokaralari boʻlib oʻtdi.