05 Iyun 2023

Xitoyning Xubey provinsiyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 5-iyun kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Raisi maslahatchisi S.Saidnazirxonov Xitoy Xalq Respublikasining Xubey provinsiyasi savdo departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Kyu Keming boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi, deb xabar beradi SSP matbuot xizmati.

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekistonda ham filiali mavjud bo‘lgan “Huaxin Cement” sement ishlab chiqarish korxonasi vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik barqaror rivojlanib borayotgani qayd etildi, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar muhokama qilindi. Shu jumladan, xorijiy tomon Xitoyga mahalliy quritilgan va ho‘l mevalarni olib kirishga qiziqish bildirdi.

S.Saidnazirxonov mehmonlarni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi faoliyati va O‘zbekistonda xorijiy kompaniyalar uchun yaratilgan imtiyozlar bilan tanishtirdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha hamkorlik tafsilotlarini kelgusida batafsil muhokama qilishga, xususan, muzokaralar davomida qayd etilgan loyihalarni ishlab chiqishni ko‘rib chiqishga kelishib olindi.