Joriy yilning 18-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvchi direktori Xusayn Ozxan boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar beradi vazirlik axborot xizmati.
Uchrashuvda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Andi Aranitasi, Infratuzilma bo‘yicha katta bankir Aleksandr Rogachevskiy, Moliya institutlari bo‘yicha katta bankir Zulfira Axmedova hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosarlari Xurshed Mustafayev va Jasur Karshibayev, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdilar.
Muloqot avvalida tomonlar Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan o‘zaro hamkorlik va uning istiqbollari, birgalikda amalga oshirilgan loyihalar va to‘plangan tajribalar, so‘nggi yillarda mamlakatimizda yuz bergan samarali iqtisodiy o‘zgarishlar yuzasidan fikr almashdilar.
Suhbat davomida tomonlar bank-moliya sohasidagi o‘zgarishlar, xususan, davlat ishtirokidagi banklarning xususiylashtirish va transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, energetika sohalarida davlat-xususiy sheriklik loyihalarida hamkorlik qilish, davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni davom ettirish hamda samaradorlikni oshirish, kichik va o‘rta biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, mikromoliya sohasini rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va mustahkamlashga kelishib oldilar.