25-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir o‘rinbosari Akram Aliyev Polshaning LPP kompaniyasi xaridlar va ESG bo‘yicha direktori Dorota Jankowska bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.
Uchrashuv davomida tomonlar mahalliy kompaniyalar bilan hamkorlikda O‘zbekistonda mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qildi. Mamlakatning ishlab chiqarish salohiyatidan samarali foydalanish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar doirasida kompaniyaning 2028-yilgacha bo‘lgan strategik rivojlanish rejalari, shuningdek, LPP faoliyatini O‘zbekistonda kengaytirish va yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish va istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda zarur ko‘mak va amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.