11 oktabr 2024

SSP raisi o‘rinbosari hamda Polsha Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Sharq davlatlari departamenti direktori o‘rinbosari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yil 9-oktyabr kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov hamda Polsha Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Sharq davlatlari departamenti direktori o‘rinbosari Marek Salka o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi SSP matbuot xizmati.

Unda Polsha Respublikasining O‘zbekistondagi Elchixonasi muvaqqat ishlar vakili Marchin Vakar ham ishtirok etdi.

Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilib, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida hamkorlikni yana-da rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi. Xususan, qishloq xo‘jaligi, neft va gaz, energetika va logistika sohalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, mehmonlar O‘zbekistonning investision salohiyati va xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan keng turdagi shart-sharoitlar va imkoniyatlar bilan tanishildi. Polsha tomoni O‘zbekistonda qisqa vaqt ichida yaratilgan ishbilarmonlik muhitini yuqori baholadi.

Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikni rivojlantirishga o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirib, muhokama qilingan masalalar doirasida hamkorlikda ishlashga kelishib oldilar.