02 avgust 2024

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash yuzasidan davra suhbati o‘tkazildi

Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan “Yuksalish” umummilliy harakati bilan birgalikda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga oid masalalar ijrosi yuzasidan davra suhbati o‘tkazildi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining doimiy komissiyalari vakillari, ekspertlar, Yoshlar parlamenti aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, dastur ijrosi yuzasidan I yarim yillikda qishloq xo‘jaligi sohasida 450 mlrd so‘mlik 61 ta loyihani foydalanishga topshirish hisobiga 1000 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan, shuningdek, 43,5 trln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilgan.

Joriy yilda 1,4 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari, jumladan, 1,2 ming tonna xom ipak, 600 tonnaga yaqin ipak momig‘i, 6,8 mln pogonometr ipak mato, 626 tonna kalavalangan ipak ipi, 2,1 mln dona tayyor ipakli mahsulot va 500 dan ortiq ipak gilamlari ishlab chiqarilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish surʼati 151 foizga yetkazilgan.

Respublikada mavjud “In-vitro” laboratoriyalari tomonidan jami 4 milliondan ortiq sertifikatlangan ko‘chat mahsuloti yetishtiruvchilarga yetkazib berilib, 50 ming gektar maydonda intensiv usulda sabzavotlar ekilishi taʼminlangan.

Bundan tashqari, mahalliy meva-sabzavot mahsulotlari eksporti salohiyatini oshirish, eksport qiluvchi mahalliy eksportchi korxonalarga amaliy yordam berish maqsadida Karantin agentligi tomonidan respublikaning 14 ta hududida “Eksport shtabi” tashkil etilib, soha mutaxassislari biriktirilgan.

Xususiy sektor bilan hamkorlikda 13 ta o‘simliklar klinikasi, 479 ta xizmat ko‘rsatuvchi otryad tashkil etildi, shuningdek, 639 ta biolaboratoriyaga aholi xonadonlarini biriktirish hisobiga 2 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.

Taʼkidlanganidek, bu yo‘nalishda belgilangan vazifalarning hududlardagi ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazorati, xususan, parlament nazorati o‘rnatilgani joylarda mutasaddilarning masʼuliyatini oshirmoqda.

Suv tanqisligining oldini olish, suvdan oqilona foydalanish madaniyatini va suv ishlatish samaradorligini oshirish borasida dasturda belgilangan vazifalarning muhimligi ham senatorlar tomonidan taʼkidlandi.

Davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi yuzasidan muhokamalar ochiq savol-javob shaklida bo‘lib o‘tdi. Shu bilan birga, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan fikr almashildi.

Tadbir yakunida agrar sohani rivojlantirish bo‘yicha kelgusida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga tavsiyalar berildi.