O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov hamda Gruziyaning O‘zbekistondagi Elchixonasi Muvaqqat ishlari vakili David Kotariya va Favqulodda va Muhtor vakili Irakliy Kvanchaxadze o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi SSP matbuot xizmati.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Gruziya davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, eksport va import hajmini oshirishga va ushbu ikki mamlakat mahsulotlarini xorij bozoriga olib chiqish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Shuningdek, vino va choy mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda logistika sohasida takliflar almashilinib, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan bir qator masalalar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha, ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari hamkorligida Gruziya davlati ishbilarmon doira vakillari ishtirokida mavjud keng turdagi qulay imkoniyatlar bilan tanishish hamda tadbirkorlik sohasini rivojlantirish maqsadida uchrashuvlar tashkil etishga kelishib olindi.