24 May 2024

O‘zbekiston va Turkiya parlamentlari hamkorligi yangi bosqichda rivojlanadi

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi Raisi Numan Kurtulmush bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respunlikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.

Muloqotda siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va parlamentlararo sohalarda O‘zbekistonning Turkiya bilan hamkorligining bugungi holati hamda aloqalarni yana-da rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Suhbat chog‘ida ikki davlat Prezidentlarining qatʼiy siyosiy irodasi, ular o‘rtasidagi yaqin, o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlar tufayli ikki tomonlama aloqalar keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqilgani alohida qayd etildi.

So‘nggi 6 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,5 marotabaga oshib, Turkiya O‘zbekistonning to‘rtinchi asosiy iqtisodiy sherigiga aylangani, o‘zaro savdo hajmini oshirish va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun imkoniyatlardan yana-da kengroq foydalanish lozimligi taʼkidlandi.

Muzokara davomida ijtimoiy va madaniy-gumanitar sohalarda aloqalarni yana-da kengaytirish uchun ikki davlatda ham salohiyat yetarli ekani, bu borada imkoniyatlarni birlashtirish kerakligiga urg‘u berildi.

Ayniqsa, sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarida kadrlar salohiyatini oshirish, ilm-fan hamda taʼlim sohalarida esa qo‘shma ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish, talabalar almashinuvini faollashtirish yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston va Turkiyaning qadriyatlari, anʼana va urf odatlari, oilaga bo‘lgan munosabati o‘xshashligidan kelib chiqib, oila va xotin-qizlar masalalarida ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga eʼtibor qaratildi.

Uchrashuvda parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari ko‘rib chiqildi.  Xususan, Oliy Majlisning Buyuk millat majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi va “O‘zbekiston–Turkiya” parlamentlararo do‘stlik guruhi o‘rtasidagi munosabatlarni yana-da mustahkamlash, qo‘mitalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish bo‘yicha yakdil fikr bildirildi.

Munosabatlarni huquqiy jihatdan mustahkamlash maqsadida ikki davlat parlamentlari o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha tegishli hujjat loyihasini ishlab chiqish va imzolashga kelishib olindi. 

Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi Raisi Numan Kurtulmush Faxriy mehmonlar kitobida dastxat yozib qoldirdi.