12 Iyul 2023

«ТАВРО» O`zbekistonda yangi loyihasini ishga tushiradi

“O’zcharmsanoat” uyushmasi hamda Rossiyaning «ТАВРО» kompaniyasi rahbari o’rtasida investitsiyaviy hamkorlikni yo’lga qo’yish va yangi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan uchrashuv bo’lib o’tdi. Bu haqida uyushma matbuot xizmati xabar beradi.

Uchrashuv avvalida uyushma rahbariyati tomonidan Rossiya kompaniyasiga mamlakatimizning charm-poyabzal va mo’ynachilik sohasidagi ishlab chiqarish imkoniyatlari, investitsion va eksport salohiyati xaqida batafsil ma’lumot taqdim etildi. Shuningdek, xorijiy investorlar uchun davlat tomonidan berilgan imtiyoz va yaratilgan sharoitlar haqida axborot berildi.

O’z navbatida «ТАВРО» kompaniyasi rahbari O’zbekistonning charm-poyabzal va mo’ynachilik sohalarida o’sish dinamikasi kuzatilayotgani, shu bois Rossiya kompaniyalari O’zbekistonga o’z investitsiyalarini kiritishga katta qiziqish bildirayotganini ma’lum qildi.

Muloqot davomida Rossiya kompaniyasi O’zbekiston bilan hamkorlikni yo’lga qo’yish va yangi korxona ochish tashabbusini bildirdi. Shu maqsadda uyushmaga a’zo korxonlarga ta’shrif buyurib u yerda yaratilgan sharoitlarni o’rganishni reja qilgan.

Shuningdek, «ТАВРО» kompaniyasi Oʻzbekiston bozoriga oʻzining poyabzal ishlab chiqarish uchun pardozlangan charmlar, premium va oʻrta segmentdagi charm-attorlik buyumlari bilan kirib kelishni rejalashtirmoqda.

Muloqot so’ngida ikki tomonlama hamkorlikning kelgusi istiqbollariga oid masalalar atroflicha muhokama etildi.