23 May 2024

Hindistonda O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati namoyish etilmoqda

O‘zbekiston elchixonasi “Global India Business Forum” tashkiloti tomonidan o‘tkazilayotgan “Hindiston – Markaziy Osiyo” xalqaro investitsiya forumi doirasida mamlakatimizning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatini taqdim etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Elchi Sardor Rustamboyev O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xorijiy mamlakatlar ishbilarmon doiralari vakillari bilan hamkorlik loyihalari, investitsiyaviy faoliyat uchun yaratilgan qulay sharoitlar, berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, respublikamizning eksport va turizm salohiyati, shuningdek, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan hind kompaniyalarining muvaffaqiyatli tajribasi haqida so‘zlab berdi. 

Forum ishtirokchilarining alohida e’tibori iqtisodiyotning turli tarmoqlarida o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mavjud imkoniyatlarga qaratildi.

Global Hindiston biznes forumi prezidenti O‘zbekiston bilan hamkorlik Hindiston uchun muhim ekanini ta’kidladi. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib, o‘zaro manfaatdorlik mustahkamlanib, yangi loyihalarni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar kengayib borayotgani alohida ta’kidlandi.

Xalqaro forumda Hindiston kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar olib borilib, unda o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, turli soha va hududlarga investitsiya jalb etish, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan keng turdagi mahsulotlarni eksport qilish hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi.