24 aprel 2024

Eronning Busher viloyatida O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati namoyish etildi

O‘zbekiston elchisi Fariddin Nasrievning Eronning Busher viloyatida bo‘lishi doirasida viloyat Savdo-sanoat, kon va qishloq xo‘jaligi palatasi raisi Xurshid Gezderaziy bilan yirik biznes vakillari bilan B2B formatida uchrashuvlar hamda mamlakatimizning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi «Dunyo» AA muxbiri.

Tadbirlarda O‘zbekiston tomoni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, O‘zbekistonda biznes yuritishning imkoniyat va afzalliklari haqida ma’lumot berdi. Viloyatdagi yirik tadbirkorlik subyektlari vakillari 2-3-may kunlari bo‘lib o‘tadigan III Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga taklif etildi.

O‘z navbatida, Busher Savdo-sanoat, kon va qishloq xo‘jaligi palatasi rahbariyati joriy yilning 27-aprelidan 1-mayiga qadar Tehron shahrida bo‘lib o‘tadigan Eron Expo ko‘rgazmasidagi ishtiroki doirasida O‘zbekiston delegatsiyasini qabul qilishga tayyorligini bildirdi. 

B2B formatidagi uchrashuvlar natijasida viloyat ishbilarmonlari O‘zbekiston bilan iqtisodiyotning turli tarmoqlari, jumladan, qishloq xo‘jaligi va boshqa qator yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.