O‘zbekiston elchisi Amirsaid A’zamxo‘jayev Polsha Milliy savdo-sanoat palatasi prezidenti, Yevropa savdo palatalari assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Marek Klochko bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari, jumladan, 2024-yil aprelda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Polsha hukumatlararo komissiyasining 8-yig‘ilishi doirasidagi biznes-forumga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ko‘rib chiqildi.
Polsha tomoni O‘zbekiston ishbilarmon doiralari vakillari bilan elektron tijorat, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirishga katta ahamiyat berishi ta’kidlandi.
Komissiyaning 8-yig‘ilishida O‘zbekiston-Polsha ishbilarmonlar kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimni imzolash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Qayd etilishicha, bugungi kunda Polsha sakkiz davlat bilan shunday tuzilmalarga ega va O‘zbekiston bilan Ishbilarmonlar kengashining tashkil etilishi Markaziy Osiyo mintaqasida birinchi bo‘ladi.
Polsha tomoni, shuningdek, Polsha Savdo-sanoat palatasi tomonidan Varshavada akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy diplomatik vakolatxonalarning savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchilari uchun Polsha voevodaliklariga tashkil etilgan o‘quv tashriflarida O‘zbekiston elchixonasining faol ishtiroki uchun minnatdorlik bildirdi. Polsha tomoni bunday tashriflarni tashkil etish bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashishga tayyorligini ma’lum qildi.