14 Fevral 2023

Turkiya kompaniyasi Farg‘ona viloyatida 1000 MVt quvvatga ega fotoelektr stansiyasini qurishi mumkin

Turkiyaning “Alarko Holding Altek” kompaniyasi Farg‘ona viloyatida fotoelektr stansiya qurishni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi Spot viloyat hokimligi matbuot xizmatiga tayanib.

13-fevral kuni hokim Xayrulla Bazarov korxona rahbari Xakan Aytekin bilan uchrashdi. Tomonlar mintaqada quyosh elektr stansiyasini qurish istiqbollarini, shuningdek, loyihani moliyalashtirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Hozirda «Alarko Holding Altek» Turkiyada 1000 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi loyihasi ustida ishlamoqda. Agar zarur shart-sharoitlar mavjud bo‘lsa, kompaniya O‘zbekistonda ham xuddi shunday loyihani amalga oshirishi mumkin, dedi Aytekin.

Viloyat hokimligi kompaniya tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga va’da berib, mehmonlarga uch tuman – Farg‘ona, O‘zbekiston va Beshariqdagi qurilish ob’ektlari bilan tanishish uchun xodimlar ajratdi. Joyni tanlagandan so’ng, tomonlar keyingi harakatlar rejasini ishlab chiqishga kelishib oldilar.