O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi va Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xodimlari Bursa shahriga tashrifi davomida mamlakatimizning savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ularda Yosh sanoatchi ishbilarmon doiralari va boshqaruvchilari (GESİAD) va Bolqon ishbilarmon doiralari (BALKANSİAD) uyushmalari aʼzolari ishtirok etishdi.
Tadbirlar davomida turk ishbilarmon doira vakillariga O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi, so‘nggi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish hamda amalga oshirilgan islohotlar haqida maʼlumotlar yetkazildi. Mamlakatimizda tashqi savdo aloqalarini rivojlantirish hukumat darajasida ko‘rilgan chora-tadbirlar, yaratilgan qulay shart-sharoitlar taʼkidlandi.
Ishtirokchilarga qonuniy mehgnat migratsiyasini tashkil etish bo‘yicha amalga oshrilayotgan ishlar haqida so‘zlab berildi. Turkiy tomoni bilan O‘zbekistondan malakali ish kuchini Bursaga markazlashgan holda jalb qilish yuzasidan fikr almashildi.
Yosh sanoatchi ishbilarmon doiralari va boshqaruvchilari uyushmasi boshqaruv kengashi raisi Murat Kaya O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, investorlar xaq-huquqini taʼminlash yuzasidan amalga oshirilgan islohotlarni yuqori baholadi.
«Uyushma aʼzolari bilan o‘zbekistonlik hamkorlar o‘rtasidagi aloqalarni yo‘lga qo‘yish, yangi yo‘nalishlarni kashf etish maqsadida yaqin kunlarda O‘zbekistonga ishchi safarini tashkil etish rejaoashtirayapmiz», – dedi u.
Bolqon sanoatchilari va ishbilarmon doiralari uyushmasi boshqaruv kengashi raisi Fatix Shakir o‘z nutqida qo‘yidagilarni taʼkidladi:«Biz bolqonlik turklar sifatida shu kungacha bolqon davlatlari bilan hamkorlikka katta urg‘u berib kelganmiz. Bugungi tadbirdan so‘ng qardosh O‘zbekiston bilan hali kashf etilmagan ko‘p qirrali hamkorlik rishtalarini o‘rnatishga qaror qildik. Bu borada, energetika, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari, tekstil, kimyo, charm-poyabzal, oziq-ovqat kabi sohalarda katta imkoniyatlar mavjud. Ushbu sohalarda hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga tayyormiz».