18 noyabr 2026

O‘zbekistonda xorijiy qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish tartibi belgilandi

Adliya vazirligi Kapital bozori sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida xorijiy qimmatli qog‘ozlarning muomalasi tartibi to‘g‘risidagi nizomni (ro‘yxat raqami 3971, 2026-yil 11-noyabr) davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.

Endilikda maxsus huquqiy rejim doirasida malakali investorlar yoki yuridik shaxslar xorijiy kompaniyalar aksiyalari, obligatsiyalari va birja investitsiya fondlari (ETF) qimmatli qog‘ozlari bilan O‘zbekistondagi fond birjasi hamda investitsiya vositachilarining elektron platformalari orqali operatsiyalarni amalga oshirishlari mumkin.

Yangi tartibga ko‘ra, xorijiy qimmatli qog‘ozlar bilan savdolar fond birjasi va investitsiya vositachilarining elektron platformalari orqali tashkil etiladi.

Xorijiy qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalar faqat Istiqbolli loyihalar milliy agentligining reyestriga kiritilgan qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha amalga oshiriladi.

Qimmatli qog‘ozlarni qarz mablag‘lari hisobidan sotib olish taqiqlanadi.

Hisob-kitoblar chet el valyutasida amalga oshiriladi.

Investorlarning pul mablag‘larini chiqarib olish bo‘yicha topshiriqlari 3 bank kunidan oshmagan muddatda bajariladi.

Investitsiya vositachisi bilan shartnomalarni masofaviy raqamli identifikatsiyadan foydalangan holda elektron shaklda tuzishga ruxsat etiladi.

Xorijiy qimmatli qog‘ozlarni muomalaga kiritish bo‘yicha arizalar vakolatli organ tomonidan 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.