Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Fransiya Respublikasi poytaxti Parij shahrida bo‘ldi. Senat Raisi tashrif doirasida Fransiya Senati Raisi Jerar Larshe bilan uchrashdi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati xabar beradi.
O‘zbekiston-Fransiya munosabatlari bugungi kunda yuqori darajadagi siyosiy va diplomatik hamkorlik, o‘zaro manfaatli hamkorlik va madaniy-gumanitar almashinuvlar uchun salmoqli salohiyat mavjudligi bilan ajralib turadi.
Fransiya O‘zbekistonning Yevropadagi eng muhim savdo hamkorlaridan biri hisoblanib, savdo-iqtisodiy hamkorlik darajasi izchil yuqorilab bormoqda. Ayni paytda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalar ham faol rivojlanmoqda.
Uchrashuv chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yana-da rivojlantirish, shu jumladan parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama etildi.
Fransiya Senati Raisi Jerar Larshe hozirda mamlakatimizda kechayotgan tub yangilanishlar jarayonini mamnuniyat bilan tilga olib, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning chinakam bozor iqtisodiyotiga o‘tishi va jahonga ochilish yo‘lida amalga oshirgan ishlari mustaqillikning barcha yillari davomida qilingan jami ishlardan ham salmoqli ekanligini eʼtirof etdi.
Fransiyaning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi nihoyatda katta ekanligiga urg‘u berib, J.Larshe “O‘zbekiston mintaqada eng aholisi ko‘p bo‘lgan kuchli davlat – Markaziy Osiyoning urib turgan yuragidir. Ayniqsa, jahonda bugungi kunda kuzatilayotgan mavhumlik va notinchlik sharoitida davlatingizni mintaqadagi xavfsizlik va tinchlik markazi deb bilamiz” deya taʼkidladi.
Aytish kerakki, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalarida Fransiya parlamenti bilan hamkorlik guruhlari tashkil etilgan bo‘lib, Fransiya Senatida ham “Fransiya – Markaziy Osiyo” parlamentlararo guruhi, quyi palata – Milliy assambleyada “Fransiya – O‘zbekiston” do‘stlik guruhi faoliyat yuritmoqda.
Bu borada T.Narbayeva hamkorlik guruhlari salohiyatidan yana-da samarali foydalanish muhimligini, jumladan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikning tayanch nuqtalari qonun ijodkorligi, kuchli parlament nazorati va hududiy vakillik tamoyillariga qurilishi zarurligini alohida taʼkidladi. Shu o‘rinda ikkala parlamentning turdosh masalalarga masʼul qo‘mitalari o‘rtasida ham mustahkam aloqalar o‘rnatilishi mazkur muloqot mexanizmining amaliy samarasini taʼminlashiga urg‘u berdi.
Tomonlar ikki palatali parlament demokratik rivojlanishning muhim tarkibiy sharti ekanligini birdek eʼtirof etib, davlatlarimiz o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishda yuqori palatalarning vakillik demokratiyasi mexanizmlaridan samarali foydalanish zarurligi taʼkidlandi.
Suhbat yakunida Fransiya va O‘zbekiston mahalliy hokimiyat organlari o‘rtasidagi aloqalarni yo‘lga qo‘yish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, BRMga erishish sohasida qo‘shma choralarni amalga oshirish, shuningdek, yashil iqtisodiyot, korrupsiyaga qarshi kurashish, gender tenglikni taʼminlash sohalarida ham konstruktiv xamkorlik qilishga kelishib olindi.