02 noyabr 2026

O‘zbekiston va Bavariya iqtisodiyot hamda kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi

O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi Dilshod Axatov Bavariya federal yeriga tashrifi davomida mintaqaviy hukumat, parlament, davlat idoralari va ishbilarmon doiralar vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Uchrashuvlarda mintaqalararo hamkorlikni kengaytirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, kasbiy ta’lim va gumanitar almashinuvlar sohasidagi hamkorlik masalalariga asosiy e’tibor qaratildi.

Bavariya Iqtisodiyot, mintaqaviy taraqqiyot va energetika vazirligi davlat kotibi Tobias Gotthardt bilan uchrashuvda tovar ayirboshlash hajmini oshirish, investitsiyalarni jalb etish va korxonalar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, malakali kadrlar tayyorlash va o‘zbekistonlik mutaxassislarning Bavariya mehnat bozorida ishga joylashish imkoniyatlari alohida ko‘rib chiqildi.

Tomonlar axborot texnologiyalari, yashil iqtisodiyot, energetika, transport, logistika, qurilish, to‘qimachilik sanoati, farmatsevtika va mashinasozlik sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini ham muhokama qildilar.

Bavariya Iqtisodiyot vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan «Bayern – Fit for Partnership» dasturiga alohida e’tibor qaratildi. Dastur xorijiy mutaxassislar va kompaniyalar rahbarlarini Germaniya korxonalarining texnologiyalari bilan tanishtirish, ularning malakasini oshirish va ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatishni nazarda tutadi. Tomonlar mazkur dastur doirasida tarmoq delegatsiyalarini tashkil etish va tajriba almashish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Muzokaralar yakunida Nyurnberg va Regensburg savdo-sanoat palatalari bilan hamkorlikda biznes-forumlar o‘tkazish masalasini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ularda ishbilarmonlik hamkorligi, muhandislik yo‘nalishlari, malakali kadrlar tayyorlash va kasbiy ta’lim sohasidagi yangi loyihalar asosiy o‘rinda bo‘ladi.

Bavariya Ichki ishlar, sport va integratsiya vazirligi ministrial direktori Gunnar Wiegand bilan uchrashuvda tegishli idoralar o‘rtasida tajriba almashish, mutaxassislar malakasini oshirish va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, yo‘l harakatini tashkil etish hamda O‘zbekiston va Bavariya o‘smirlar futbol jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Germaniyaning «Motel One GmbH» mehmonxonalar tarmog‘i vakillari — moliya va investitsiyalar yo‘nalishi rahbari Lukas Prinz hamda kompaniyani rivojlantirish uchun mas’ul Astrid Schafleitner bilan ham alohida muzokaralar o‘tkazildi.

Tomonlar kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga kirish istiqbollari, investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda mehmonxona va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun kadrlar tayyorlash masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, o‘zbekistonlik mutaxassislarni Germaniyadagi «Motel One» mehmonxonalariga ishga joylashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Ushbu tashabbuslarni yanada batafsil ishlab chiqish maqsadida onlayn muzokaralar va o‘zaro tashriflarni tashkil etishga kelishib olindi.

O‘tkazilgan uchrashuvlar O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlikni kengaytirish, investitsiyalarni jalb etish hamda iqtisodiyot, ta’lim va gumanitar sohalarda amaliy loyihalarni rivojlantirishga qaratilgan.