24 Yanvar 2023

O‘zbekiston va «Gazprom» o‘rtasida gaz sohasida hamkorlik bo‘yicha «yo‘l xaritasi» imzolandi

«Gazeta.uz» xabariga ko’ra, O‘zbekiston Energetika vazirligi va Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi gaz sanoati sohasida hamkorlik bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni imzoladi. Bundan bir hafta avval Gazprom Qozog‘iston bilan ham shunday hujjat imzolagan edi.

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi rahbari Aleksey Miller seshanba kuni gaz sohasida hamkorlik bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni imzoladi, deb xabar qildi kompaniya matbuot xizmati.

Uchrashuvda tomonlar «o‘zaro hamkorlikning dolzarb va istiqbolli masalalarini ko‘rib chiqdilar», deyiladi xabarda.

Hujjat tafsilotlari keltirilmagan.

Bir hafta avval Gazprom Qozog‘iston bilan yo‘l xaritasini imzolagan edi. Hujjat Rossiya gazini Qozog‘istonga yetkazib berish imkoniyatini ko‘zda tutadi.

«Uch tomonlama ittifoq»

2022 yil noyabr oyi oxirida Rossiya O‘zbekiston va Qozog‘istonga uch tomonlama gaz ittifoqini yaratishni taklif qilgani ma’lum bo‘ldi. Rossiya tomoni bu taklif siyosiy shartlar evaziga gaz yetkazib berishni nazarda tutmasligini, gap tijorat manfaatlarini muvofiqlashtirish haqida ketayotganini bildirdi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov dekabrda O‘zbekistonda sovuq havo boshlanishi bilan boshlangan energetika inqirozi fonida O‘zbekiston gazni «qandaydir ittifoq yoki ittifoq yo‘li bilan emas, balki qo‘shnilardan — tijorat shartnomasi asosida import qilish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani»ni aytdi.

Keyinroq «Gazeta.uz» o‘z manbalariga tayanib bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar chog‘ida rossiyalik hamkorlar bilan gaz sohasidagi hamkorlik masalasi muhokama qilingani haqida yozdi.