23 Iyun 2023

O‘zbekiston va Indoneziya kimyo sanoati sohasida hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston elchixonasi vakillari Indoneziyaning “PT Pupuk Indonesia” kompaniyasi prezidenti Ahmad Bakir Pasaman, ishlab chiqarish direktori Bob Indianarto, xaridlar bo‘yicha vitse-prezident Arif Fauzan bilan uchrashdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida Ahmad Bakir Pasaman Indoneziya davlat idoralari va tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari O‘zbekistonning jadal rivojlanib borishiga katta qiziqish bildirayotganini ta’kidladi.

Xususan, kompaniya prezidenti O‘zbekistonda kimyo sanoati istiqbollari, xlor-kaliyli mineral o‘g‘itning yuqori sifatiga alohida e’tibor qaratdi.

Ahmad Bakir Pasaman Indoneziya O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan kaliy xlorid va boshqa o‘g‘itlarga qiziqish bildirayotganini aytdi.

Uchrashuvda hamkorlikning keyingi yo‘nalishlarini aniqlashtirish maqsadida Indoneziya tomoniga O‘zbekiston kimyo sanoatiga oid investitsiya loyihalari taqdim etildi.