25 Sentyabr 2023

O‘zbekiston va Qozog‘iston hamkorlikning o‘sish sur’atlarini ta’minlamoqda

Joriy yilning 22-sentabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Qozog‘iston Respublikasi Savdo va integratsiya vaziri Arman Shaqqaliev o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi ISSV matbuot xizmati. Muloqot chog‘ida tomonlar joriy qo‘shma loyiha va kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni, shuningdek, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, transport-logistika va hududlararo hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini atroflicha ko‘rib chiqdilar.

Bugungi kunda Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining 2022-yil dekabr oyida mamlakatimizga tashrifi chog‘ida imzolangan 7 ta savdo shartnomasi va 24 ta qo‘shma investitsiyaviy bitim amalga oshirilmoqda. Samimiy ruhda kechgan suhbat ushbu kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarni o‘zaro muvofiqlashtirish imkonini berdi.

Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi o‘sishining ijobiy dinamikasini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Oxirgi 6 yilda bu ko‘rsatkich qariyb 2,5 barobar oshib, 4,6 milliard dollarni tashkil etdi. Shu nuqtai nazardan, o‘zaro savdo hajmini yanada oshirish va ko‘lamini kengaytirish yuzasidan vazifalar belgilandi.

Xususan, oziq-ovqat, toʻqimachilik, avtomobil, elektr jihozlari, qora metallar, neft-gaz mahsulotlarini yetkazib berish hisobiga savdo koʻrsatkichlarini yaqin yillarda 10 milliard dollargacha oshirish boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi. Joriy yilning bahorida tashkil etilgan va o‘tgan oylarda 1,3 million dollarlik mahsulot eksport qilishga muvaffaq bo‘lgan qo‘shma tashqi savdo kompaniyasi bunga hissa qo‘shishiga ishonch bildirildi.

Muloqotda, shuningdek, investitsiyaviy sheriklik va sanoat kooperatsiyasi koʻlamini kengaytirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilandi hamda energetika, kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi, infratuzilma, transport va tomonlarni qiziqtirgan boshqa sohalardagi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishning bugungi holati koʻrib chiqildi.

Uchrashuv yakunida erishilgan kelishuvlarni hayotga joriy qilish va o‘zaro manfaatli munosabatlarning yangi yo‘nalishlarini belgilash yuzasidan kelgusida hamkorlik qilish formati bo‘yicha kelishib olindi.