08 Sentyabr 2023

O‘zbekiston va Koreya hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘nalishlarini belgilab oldi

Joriy yilning 7-sentabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi Bosh vazirlari o‘rinbosarlarining navbatdagi V-uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi ISSV matbuoot xizmati.

Yig‘ilishga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev va Koreya Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Chxu Kyung Xo hamraislik qildi.

Suhbat chog‘ida kun tartibidagi asosiy masalalar, jumladan, joriy qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va ikki tomonlama ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan konstruktiv fikr almashildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmlarining o‘sishida va Koreya investitsiyalarini jalb qilishda barqaror ijobiy tendensiya kuzatilayotgani qayd etildi. Xususan, 2023-yil boshidan buyon O‘zbekistonning Koreyaga eksporti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15 foizga ko‘paydi, O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Koreya investitsiyalarining umumiy hajmi esa 7 milliard dollardan oshdi. Tomonlar savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnik hamkorlikni, shuningdek, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashda munosabatlarni yanada mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrishga qatʼiy sodiqliklarini bildirdilar.

Moliyaviy-texnik hamkorlikni kengaytirish muhimligi alohida ta’kidlandi. Xususan, EDCF Jamg‘armasi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan Farmatsevtika va Tibbiyot klasterlarini yaratish kabi loyihalarning bugungi holati ko‘rib chiqildi. Tegishli qoʻshma “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Bundan tashqari, Koreyaning KOICA xalqaro hamkorlik agentligi bilan birgalikda olib borilgan ishlar samaradorligi qayd etildi. Agentlik ko‘magida O‘zbekistonda umumiy qiymati 141 million dollarlik 33 ta loyiha amalga oshirilgan va o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun Koreyada 2 mingdan ortiq malaka oshirish kurslari tashkil etilgan.

Tomonlar kun tartibidagi boshqa masalalarni ham muhokama qildilar.