12-aprel kuni mamlakatimiz elchixonasi vakillari Malayziyaning yetakchi kompaniyasi «Gemilang Coachwork Sdn. Bhd» ijrochi direktori Pang Chong Yong bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda Malayziya tomoniga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, jumladan, “O‘zavtosanoat” AK va uning korxonalari, ishlab chiqarilayotgan avtomobil turlari va hajmi, mamlakatimizda elektromobil ishlab chiqarish imkoniyatlari, shuningdek, avtomobilsozlik sohasida investorlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuvda Malayziya kompaniyasi vakillari tomonidan kompaniya faoliyati va salohiyati haqida taqdimot o‘tkazildi, unda «Gemilang Coachwork Sdn. Bhd» tomonidan ishlab chiqarilgan avtobuslar, ularning xususiyatlari va eksport geografiyasi, shuningdek, kompaniyaning keyingi rejalari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuvda ushbu Malayziya kompaniyasi bilan “O‘zavtosanoat” AK korxonalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
«Gemilang Coachwork Sdn. Bhd» ijrochi direktori Pang Chong Yong O‘zbekiston bilan hozirgi hamkorlik rivojlanib borayotganidan mamnun ekanini ta’kidladi. Korxona ehtiyojlari uchun alyuminiy kuzovlarni yetkazib berish va “SamAuto” MChJ QK bilan birgalikda elektrobuslar ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish va “SamAuto” MChJ QK negizida elektrobuslar ishlab chiqarish imkoniyatlarini oʻrganish maqsadida Malayziya kompaniyasi va “Oʻzavtosanoat” AK oʻrtasida onlayn muzokaralar oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi.