09 oktabr 2026

O‘zbekiston va Pokiston iqtisodiy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qilmoqda

O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston Bosh vazirining maslahatchisi — sanoat va ishlab chiqarish vaziri Horun Axtar Xon bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tomonlar O‘zbekiston Prezidenti 5–6-fevral kunlari Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarning ijrosini, xususan, savdo, investitsiyalar, eksport va sanoat kooperatsiyasi sohalaridagi hamkorlikni ko‘rib chiqdilar.

Horun Axtar Xon Pokiston O‘zbekiston bilan iqtisodiy munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish hamda savdo, investitsiyalar, eksport va turizm sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona va birodarlik munosabatlari o‘zaro manfaatli iqtisodiy aloqalarni kengaytirish uchun mustahkam asos yaratadi.

Uchrashuv ishtirokchilari delegatsiyalar almashinuvini kengaytirish, hududlararo hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, shuningdek, rejalashtirilgan ikki tomonlama xalqaro bitimlar ustidagi ishlarni jadallashtirish masalalarini ham muhokama qildilar.

Bo‘lajak oliy darajadagi tashriflarga tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek, aniq amaliy natijalarga yo‘naltirilgan O‘zbekiston–Pokiston biznes-forumi va Hududlararo forumini o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar. Ularning fikricha, aviaqatnovlar sonining ko‘payishi ikki mamlakat fuqarolari o‘rtasidagi aloqalarni, jumladan, savdo va turizm sohalaridagi munosabatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida havo orqali yuk tashishni rivojlantirish masalasi ham asosiy mavzulardan biri bo‘ldi. Havo yuk tashuvi hamda transport-tranzit aloqalarini rivojlantirish tovarlar harakatini yengillashtirish va o‘zaro savdo hajmini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi ko‘p yillik do‘stona munosabatlarni mustahkamlash borasidagi ishlarni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.