O‘zbekiston diplomatlari Polsha Taraqqiyot va texnologiyalar vazirligi davlat kotibi, O‘zbekiston-Polsha hukumatlararo komissiyasi hamraisi Mixal Yaros bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv davomida tomonlar ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, sanoat va investitsiyaviy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish istiqbollarini muhokama qildi.
Polsha tomoni O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng muhim va strategik hamkorlaridan biri ekanini ta’kidladi. Ishtirokchilar, shuningdek, iqtisodiy aloqalarning bugungi holatini ijobiy baholab, yirik Polsha kompaniyalari va tadbirkorlarining O‘zbekiston bozoriga qiziqishi ortib borayotganini qayd etdi.
Tog‘-kon sanoati, nodir metallar va muhim xomashyoni qazib olish, energetika, ekologiya va suv xo‘jaligi kabi strategik sohalarda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar transport-logistika infratuzilmasini takomillashtirish, mehnat migratsiyasi va o‘zaro savdo sohasidagi texnik hamda ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish, shuningdek, ikki mamlakat korxonalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo aloqalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ish olib borishga kelishib oldi.
Hamkorlikni yanada kengaytirish doirasida noyabr oyida Mixal Yaros boshchiligida O‘zbekistonga tashrif buyuradigan biznes-missiya masalasi muhokama qilindi. Delegatsiya tarkibidan Polsha Investitsiyalar va savdo agentligi (PAIH), Savdo-sanoat palatasi hamda yirik kompaniyalar vakillari o‘rin oladi.
Bundan tashqari, PAIHning O‘zbekistonda vakolatxonasini ochish, 2027-yilda hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini Varshavada o‘tkazish, shuningdek, Polsha va O‘zbekiston tadbirkorlari ishtirokida yirik qo‘shma biznes-forum tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.