03 Mart 2023

O‘zbekiston – Isroil: qator sohalardagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Joriy yilning 3-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Oybek Xamrayev Isroil Davlatining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Zehavit Ben-Hillel bilan uchrashdi. Bu haqida ISSV matbuot xizmati xabar beradi.

Suhbat chog‘ida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik masalalari, yangi yo‘nalishlarda sheriklik munosabatlarini kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Xususan, 2022-yilda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilga nisbatan ikki barobarga oshgani ta’kidlandi. Tomonlar qo‘shma ishchi guruh tuzish va o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarini oshirish bo‘yicha zarur sa’y-harakatlarni amalga oshirishga kelishib oldilar.

Shuningdek, kun tartibida erishilgan natijalar va investitsiya sohasida hamkorlikni kengaytirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha kelgusi rejalar muhokama qilindi. 2018-yildan buyon Isroil kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 3,5 barobar oshdi. Samarqand viloyatida tayyor trikotaj mahsulotlari, Toshkent viloyatida omborxona, arxiv, chakana savdo rastalari va tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqarish korxonalari – muvaffaqiyatli amalga oshirilgan loyihalar qatorida.

Tomonlar qo‘shma loyihalarni hayotga joriy qilish bo‘yicha muvaffaqiyatli tajribani inobatga olib, farmatsevtika, kimyo, elektrotexnika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, energetika, bank, moliya, qurilish, turizm, shuningdek, sog‘liqni saqlash va suv xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Isroil TIV huzuridagi Xalqaro taraqqiyot hamkorlik agentligi oʻrtasida imzolangan Oʻzaro anglashuv memorandumida belgilangan vazifalarni amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Bu ikki davlat oʻrtasidagi ikki tomonlama moliyaviy va texnik hamkorlikni mustahkamlashga yordam beradi.