17 May 2024

O‘zbekiston malayziyalik investorlar bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda

Joriy yilning 16-may kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Malayziyaning “Khazanah Nasional”, Malayziya “Employees Provident Fund” Pensiya jamg‘armasi (EPF) va Petronas kabi jamg‘armalari rahbarlari bilan videokonferensaloqa orqali uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.

Malumot uchun: Petronas – dunyodagi 500 ta eng yirik kompaniyalar reytingiga kiritilgan Malayziyaning yirik milliy neft, gaz va kimyo kompaniyasi.

The Employees Provident Fund – EPF xodimlarni ta’minlash bo’yicha dunyoda birinchilardan bo’lib tashkil qilingan  fondlaridan biridir. 1951 yilda tashkil etilgan jamg’arma 1991 yilda qabul qilingan «Xodimlarni ta’minlash jamg’armasi» to’g’risidagi qonunga muvofiq malayziyalik ishchilarga nafaqa uchun mablag’larni jamlab borishga yordam beradi.

“Khazanah Nasional” Malayziya hukumatining suveren jamg’armasi bo’lib, muayyan tijorat va strategik maqsadlar orqali mamlakatning boyligini uzoq muddatli istiqbolda oshirishga xizmat qiladi.

Muzokaralar chog‘ida kompaniyalar rahbarlari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli erishilayotgan ijobiy o‘zgarishlarga qiziqishlarini bildirdilar.

Bank, moliya, energetika va kimyo sohalarida investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish imkoniyatlarini nazarda tutgan holda ikki tomonlama sarmoyaviy munosabatlarni mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.

Yuqori darajada o‘tkazilishi rejalashtirilgan qo‘shma tadbirlarga alohida e’tibor qaratilib, ayrim tashkiliy jihatlari yuzasidan kelishib olindi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, yangi tashabbuslarni ishlab chiqish, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va diversifikatsiya qilish choralarini ko‘rishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.