27 Oktyabr 2023

O‘zbekiston MDH mamlakatlari energiya tizimi yaxlit ishlashi uchun sharoitlar yaratishni taklif qildi

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 26-oktabr kuni Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan MDH davlatlari hukumat rahbarlari kengashining majlisida so‘zga chiqdi. Bu haqida «Gazeta.uz» muxbiri xabar beradi.

U o‘z nutqida, xususan, MDH mamlakatlari energetika tizimlarining yagona ishlashi uchun shart-sharoitlar yaratishni taklif qildi. Uning qo‘shimcha qilishicha, bunday ishlar uchun hamdo‘stlik mamlakatlari har birining energiya ishlab chiqarish va iste’mol qilish imkoniyatlarini hisobga olish zarur.

Abdulla Aripov, shuningdek, O‘zbekiston tashabbusi bilan iyun oyida qabul qilingan MDHda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish konsepsiyasi va uni rivojlantirish bo‘yicha 2030-yilgacha bo‘lgan chora-tadbirlar kompleksini “katta qadam” deb atadi.

“Bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada jadallashtirish uchun o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish va loyihalarni ilgari surish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqishni taklif qilamiz”, — dedi O‘zbekiston bosh vaziri.

Abdulla Aripov Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil aprel oyida Toshkent shahrida “Innoprom” sanoat haftaligi doirasida MDH davlatlarining sanoat kooperatsiyasi va innovatsion ishlanmalari forumini o‘tkazish tashabbusini ham eslab o‘tdi.

“Biz import o‘rnini bosuvchi milliy dasturlarni sinxronlashtirishni ham qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni ilgari surishda yordam beradi”, — deya qo‘shimcha qildi O‘zbekiston hukumati rahbari.

Bosh vazir MDHning yagona elektron tijorat platformasini yaratish va hamdo‘stlik mamlakatlari uchun texnik to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha kelishuvni qabul qilishni tezlashtirishni taklif etdi.

Abdulla Aripov, shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning MDH erkin savdo hududini shakllantirish va tegishli kelishuv qoidalarini istisno va cheklovlarsiz qayta ko‘rib chiqish tashabbusiga to‘xtalib o‘tdi.

“Texnik to‘siqlarni bartaraf etish va texnik jihatdan tartibga solish obyektlarining muvofiqligini baholash natijalarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimni qabul qilishni tezlashtirishni taklif etamiz”, — deya qo‘shimcha qildi bosh vazir.

Abdulla Aripov MDH davlatlari hududlari o‘rtasidagi sheriklikni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari, jumladan, Hamdo‘stlik davlatlarining birinchi mintaqalararo forumini o‘tkazish, ko‘rgazma tadbirlari va ishbilarmon doiralar vakillarining o‘zaro tashriflarini faollashtirish chora-tadbirlarini o‘z ichiga olgan alohida “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash tarafdori ekanini ta’kidladi.

Bosh vazir madaniy-gumanitar hamkorlik sohasiga ham e’tibor qaratdi.

“Hamdo‘stlikning madaniy poytaxti, deb e’lon qilingan Samarqand shahrida bo‘lajak tadbirlar doirasida kelasi yil bahorida MDH mamlakatlari san’ati va kinosi haftaligini o‘tkazishni rejalashtirganmiz”, — dedi u.

Bosh vazir, shuningdek, O‘zbekiston 2024-yilda hamdo‘stlikning yoshlar poytaxti deb e’lon qilingan Toshkent shahrida ham qizg‘in tadbirlar dasturini tayyorlayotganini aytdi.