Shotlandiyaga amalga oshirilgan ishchi tashrif doirasida O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov mintaqaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda investitsiyalarni jalb qilish, xususiylashtirish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash hamda energetika va tabiiy resurslar sohalarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, Baillie Gifford investitsiya kompaniyasi bosh ijrochi direktori Tim Kempbell bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kompaniyaning O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlashdagi ishtiroki imkoniyatlari muhokama qilindi.
1908-yilda tashkil etilgan va bosh qarorgohi Edinburg shahrida joylashgan Baillie Gifford kompaniyasi xalqaro investitsiyalarni boshqarish bozorining taniqli ishtirokchilaridan biri hisoblanadi. Kompaniya aksiyalar portfellari, xususiy kompaniyalarga investitsiyalar, qat’iy daromadli moliyaviy instrumentlar hamda ko‘p yo‘nalishli investitsiya strategiyalarini boshqarishga ixtisoslashgan.
Uchrashuv davomida kompaniya vakillari O‘zbekistonning xalqaro moliya bozorlaridagi faoliyatini diqqat bilan kuzatib borayotganini ta’kidladilar. Xususan, UzNIF aksiyalarining London fond birjasida birlamchi ommaviy taklif (IPO) orqali joylashtirilishi natijalariga yuqori baho berildi.
Shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro kapital bozorlariga keyingi chiqish bo‘yicha istiqbolli rejalari qayd etildi. Shu munosabat bilan Baillie Gifford tegishli tashabbuslarni amalga oshirishda faol ishtirok etishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Wood Mackenzie kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Saymon Flauers bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda energetika, tabiiy resurslar, investitsiyalarni jalb qilish va sohaviy ekspertiza yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Wood Mackenzie energetika, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, kimyo sanoati, metallurgiya va tog‘-kon sanoati sohalariga ixtisoslashgan tadqiqotlar, tahlil va tijorat konsaltingi yo‘nalishidagi dunyoning yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi.
Bosh qarorgohi Edinburg shahrida joylashgan kompaniya hukumatlar, moliya institutlari va korporatsiyalarga energetika va xomashyo sektorlaridagi bozor tendensiyalarini baholash hamda strategik qarorlar ishlab chiqishga qaratilgan tahliliy va konsalting xizmatlarini taqdim etadi. Wood Mackenzie dunyoning 30 dan ortiq mamlakatida vakolatxonalariga ega bo‘lib, 3 mingdan ortiq korporativ mijozlarga xizmat ko‘rsatadi.
Uchrashuvlar yakunida O‘zbekistonda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida har ikki kompaniya bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.