Joriy yilning 17-aprel kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Slovakiya Respublikasi Milliy kengashi raisi Boris Kollar boshchiligidagi parlament delegatsiyasi bilan uchrashdi. Bu haqida Oliy Majlis Senati matbuot xizmati xabar beradi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Slovakiya munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, xususan ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida ta’kidlanganidek, ayni paytda ikkala davlatda ham o‘zaro hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini, jumladan, savdo, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sohalarda aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish uchun salohiyat yetarli.
Senat Raisi T.Narbayeva parlamentlararo aloqalar izchil rivojlanishi O‘zbekiston-Slovakiya munosabatlarini kengaytirishga, umuman olganda, o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qilishini, parlament a’zolarining o‘zaro tashriflarini amalga oshirish, qonunchilik, parlament nazorati va boshqa yo‘nalishlarda tajriba almashish zarurligini ta’kidladi. Bunda Slovakiya parlamenti bilan aloqalarni barcha darajalarda tizimli va samarali yo‘lga qo‘yish muhimligiga e’tibor qaratib, o‘zaro muloqotning yana bir muhim mexanizmi – parlamentlararo do‘stlik guruhlari instituti imkoniyatlaridan foydalangan xolda o‘zaro hamkorlikni jonlantirish lozimligini qayd etdi.
O‘z navbatida, B.Kollar samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston qisqa vaqt ichida progressiv demokratik islohotlar o‘tkazishga erishganini va bu bilan dunyoga ochilgani hamda jahon hamjamiyatida o‘z munosib va mustahkam o‘rniga ega bo‘layotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Shuningdek, bugungi konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida O‘zbekiston parlamenti vakolatlarining yanada kuchaytirilayotganini olqishladi. Slovakiya O‘zbekiston bilan savdo, iqtisodiy yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanini, bunda parlamentlararo muloqot salohiyatidan keng foydalanish zarurligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, suhbat davomida parlamentlarning tegishli qo‘mitalari o‘rtasida savdo, iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, bank-moliya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o‘zaro doimiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan ham fikr almashildi. Xususan, Savdo-iqtisodiy munosabatlar ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi, so‘nggi ikki yilda o‘zaro savdoda ijobiy o‘sish tendensiyasi kuzatilganiga qaramay, ko‘rsatkichlar ikki davlatning mavjud iqtisodiy imkoniyatlarini o‘zida to‘liq aks ettirmasligi aytib o‘tildi.
Uchrashuv yakunida parlament faoliyati sohasida tajriba almashish, tegishli qo‘mitalar va do‘stlik guruhlari rahbarlari darajasida parlamentlararo aloqalarni faollashtirish, xalqaro parlament tashkilotlari doirasida tomonlarning pozitsiyalarini o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va muvofiqlashtirishga kelishib olindi.