03 may 2023

O‘zbekiston-Janubiy Koreya: charm-poyabzaldan tortib tog‘-kon sanoatigacha bo‘lgan hamkorlik

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi tashabbusi bilan O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi ko‘p tomonlama iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” va “O‘zeltexsanoat” uyushmalari vakillari, ikki davlat tadbirkorlari, yirik investorlar ishtirok etdi. Bu haqida “UzDaily.uz” xabar beradi.

Yig‘ilish avvalida tomonlar o‘z tashkilotlari bo‘yicha taqdimot qildilar. Janubiy Koreyadan kelgan investorlarga mamlakatimiz charm-poyabzal va mo‘yna sanoatida amalga oshirilayotgan islohotlar, ishbilarmonlik muhiti, xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumotlar berildi.

Uchrashuvning rasmiy qismidan so‘ng turli sohalar, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi “San+ One” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda “Cense Korea” va “LG Luxury Beauty” kompaniyalari vakillari ishtirokida tashkil etilgan B2B muloqotlari davomida eksport bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mahsulot namunalari xorijiy kompaniyalar rahbarlariga taqdim etildi. Birinchi yetkazib berishlar joriy yilning may oyida rejalashtirilgan.

Uzbek San+ One va LG Luxury Beauty o’rtasida rejalashtirilgan yana bir loyiha parfyumeriya va kosmetika yo’nalishidagi hamkorlikni o’z ichiga oladi. Birinchi bosqichda hamkorlar Markaziy Osiyo mamlakatlari bozorlarini o‘rganish maqsadida Janubiy Koreyadan O‘zbekistonga LG Luxury Beauty kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan parfyumeriya va kosmetika mahsulotlarini eksport qilishni rejalashtirmoqda. Keyinchalik tomonlar Janubiy Koreya sarmoyasi hisobiga mamlakatimizda yirik ishlab chiqarish korxonasini tashkil etishni rejalashtirgan.

“Building Materials Testing Research Institute Co. Ltd”, “Juil Co. Ltd”, “Simon Korea” kompaniyalari va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi o‘rtasidagi «B2B» formatida o‘tkazilgan muloqotda Janubiy Koreyaning qurilish materiallari va geologiya sanoati sohasidagi kompaniyalarini mamlakatimizga jalb etish yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Xorijlik hamkorlar hamkorlikning birinchi bosqichida Janubiy Koreyadan O‘zbekistonga mahalliy ishlab chiqarish korxonalarida ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallarini texnik sinovdan o‘tkazishda qo‘llaniladigan maxsus integratsiyalashgan texnologiyalarni olib kelish, so‘ngra ularni mamlakatimizda ishlab chiqarishni tashkil etishni taklif qilmoqda.

Shuningdek, “Simon Korea” kompaniyasi mamlakatimizda joylashgan tog‘-kon hududlarida foydalanilmayotgan ruda va boshqa tog‘ jinslarini qayta ishlash orqali zargarlik buyumlarida ishlatiladigan oltin va boshqa qimmatbaho metallar va toshlarni olish loyihasini taqdim etdi.

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi vakillarining “Techone System Co. Ltd.», «Daeha Solutech Co. Ltd.», «Korea Electric Lighting” kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvida tomonlar mahsulot namunalarini almashdi. Shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan kabel mahsulotlarini Janubiy Koreyaga eksport qilish bo‘yicha ham muzokaralar olib borildi. Kelgusida ishbilarmonlar mamlakatimiz korxonalari bilan hamkorlikda zamonaviy lampalar (LED) ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.